INSTITUT DIREKTORI TABRIGI

Assalomu aleykum, hurmatli hamkasblar — olim, tadqiqotchi va mutaxassislar!

Biz, «Ipak yo‘li» xalqaro tadqiqot instituti jamoasi, Ipak yo‘li mamlakatlarining moddiy madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha murakkab va ilhomlantiruvchi missiya – vazifamizni bajarishga kirishdik. 

«Ipak yo‘li» XTIning muhim vazifalari: moddiy madaniy meros sohasidagi fundamental va amaliy tadqiqotlar; ko‘p jildli yangilangan va to‘ldirilgan “O‘zbekiston meʻmoriy yodgorliklari to‘plami”ni tayyorlash va nashr etish; so‘nggi tadqiqotlar maʻlumotlari va natijalari bilan to‘ldirilgan keng qamrovli “O‘zbekiston madaniy merosi obʻektlari elektron bazasi”ni tuzish; kabilardan iborat.

Bizning yaqin istiqboldagi vazifalarimizga – anʻanaviy restavratsiya usullari, arxitektura yodgorliklarini asrash va ulardan oqilona foydalanish muammolarini o‘rganish; madaniy meros obʻektlarini saqlashda innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish va qo‘llash; 1970-1980 yillarda O‘zbekistonning taniqli tadqiqotchilari G.A. Pugachenkova, L.Yu. Mankovskaya va boshqalar tomonidan boshlangan fundamental ish — “Samarqand viloyati arxitektura yodgorliklari to‘plami”ni yakunlash bo‘yicha ishlar; Markaziy Osiyo so‘fiylik maskanlari arxitekturasi evolyutsiyasi – tadrijiy rivoji bo‘yicha tadqiqotlar; Samarqanddagi Temuriylar bog‘larini tadqiq qilish va meʻmoriy qayta tiklash; Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi kam o‘rganilgan obʻektlarini arxitekturasini tadqiq etish va ushbu tadqiqotlari asosida turizmni rivojlantirish; xalq ustalarining anʻanaviy restavratsiya usullarini o‘rganish va boshqalar kiradi.

Biz bir qator xorijiy va mahalliy ilmiy va taʻlim muassasalari, jamg‘armalar, uyushmalar va boshqalar bilan hamkorlik qilamiz va hamkorligimizni kengaytirishdan mamnun bo‘lamiz.

Institut saytiga xush kelibsiz! Umid qilamanki, u Sizga biz haqimizda, ilmiy va amaliy faoliyatimiz haqida ko‘proq maʻlumot olishga yordam beradi, samarali aloqalar o‘rnatish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Biz birgalikda katta natijalarga erishib, Ipak yo‘li moddiy-madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish soxalariga katta hissa qo‘sha olamiz.

Barchangizga mustahkam salomatlik va  ijodiy muvaffaqiyatlar tilayman!

 

«Ipak yo‘li» xalqaro tadqiqot instituti

 direktori, meʻmorchilik fanlari doktori,

professor Yusupova Mavlyuda Aminjonovna